← Chuchmomadoshlar
Isoqul Piyozi
Chuchmomadoshlar
Yangi

Isoqul Piyozi

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Allium isakulii R.M. Fritsch et F.O. Khass.

Maqomi: 1. G‘arbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloydagi kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Piyozining eni 1–2 sm, qoramtir, qog‘ozsimon po‘sti qo‘ng‘ir rangda. Poyasi 15–30 sm uzunlikda, silliq. Barglari 2–3 ta, tilsimon, 5–10 sm uzunlikda, eni 2–4 sm, silliq. Soyaboni ko‘pgulli, siyrak, deyarli sharsimon, diametri 10–15–35 sm. Gulbandlari deyarli teng, gulyonbargchalari yo‘q, uzunligi 5–10–17 sm. Gulqo‘rg‘on bo‘laklari yulduzsimon, qalin etli, och siyohrang, uzunligi 10–12 mm, uchburchak-lansetsimon, o‘tkirroq. Changchi iplarining uzunligi 4–5 mm, uchburchak. Ko‘sagi sharsimon, diametri 3–5 mm.

Tarqalishi: Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlari: Nurota, Molguzar, Oqtog‘, Qoratog‘ tizmalarida tarqalgan. O‘zbekistondan tashqarida: Tojikiston (Mo‘g‘iltog‘).

O‘sish sharoiti: Quyosh tik tushadigan tog‘ yonbag‘irlarining suvayirg‘ichlarga yaqin qismidagi qoyalar ostida va quruq toshli-shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Yakka-yakka holda va kichik to‘plar holida uchraydi. Nurota tizmasida (100 ta tup), Qoratog‘ va Oqtog‘da (20–50 ta tup) populyatsiyalari maʼlum.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Mol boqilishi va urug‘ining past unuvchanligi tufayli kamayib ketgan.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stirilmoqda.

Muhofaza choralari: Nurota davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar.[ 58, 362, 364] F. O‘. Hasanov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009