Oxytropis fedtschenkoana Vassilcz.
Maqomi: 2. G‘arbiy Tyan-Shanda kam tarqalgan endemik tur.
Qisqacha tavsifi: Ko‘p yillik, qisqa o‘q ildizli, poyasiz, yumshoq chimli, qalin tuklar bilan qoplangan o‘simlik. Barglarining uzunligi 2–3 sm, bargchalari 3–8 juft, cho‘ziqroq dumaloq shaklda. Gulpoyasi bargidan uzun. Dukkagi po‘stloqli, yumaloq pufaksimon, uzunligi 15 mm. Iyun oyida gullab, mevasi iyulda yetiladi.
Tarqalishi: Toshkent viloyati: Chotqol va Qurama tizmalarining g‘arbiy qismlarida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning quruq shag‘allitoshli yonbag‘irlarida va mayda toshli yarim mustahkamlashgan surilmalardan, daraxt va butali yuqori kamari bo‘ylab o‘sadi.
Soni: Bu turning bir-biridan alohida joylashgan 6 ta populyatsiyasi maʼlum. Lekin ularning soni va maydoni uncha katta emas, yaʼni, 100 m2 maydonga 1–2 tupi to‘g‘ri keladi, umumiy soni taxminan 4,5–5 ming atrofida.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Raqobatga chidamsiz. Muntazam ravishda chorva mollari boqiladigan yerlarda o‘sadi. Yovvoyi hayvonlar ham isteʼmol qiladi.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Chotqol biosfera qo‘riqxonasida o‘sadi. Manbalar. [10, 47, 76, 304, 305]. F. O‘. Hasanov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009