Cousinia campyloraphis Tscherneva
Maqomi: 2. Hisor tizmasining kamyob endemik o‘simligi.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 30–50 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi tik, yo‘l-yo‘l chiziqli, qalin chalkash tukli, o‘rta qismidan shoxlanuvchi. Barglari charmsimon, har ikki tomoni qalin tukli. Yopirma barglari bandli, cho‘ziq ellipssimon, deyarli bo‘lingan, tikan tishchali. Savatchasi keng tuxumsimon, diametri 15–17 mm, tukli. O‘rama bargchalari ko‘p, qirrali, sirtidagilari pastga qarab egilgan. Toji pushti. Urug‘i kulrang. Iyun–iyul oylarida gullab, mevasi avgust–sentyabrda yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo viloyati: Qashqadaryo havzasida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi mayda jins tuproqli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda juda kam tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Hisor va Kitob qo‘riqxonalarida muhofaza qilinadi. Manbalar. [321, 324, 325, 327]. G‘. M. Shermatov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009