Jurinea asperifolia Iljin
Maqomi: 2. G‘arbiy Pomir-Oloyning kamyob endemik o‘simligi.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 80 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyalari ko‘p, tik, oddiy, yupqa qirrali, bezchasimon tukli. Barglari yashil, ustki tomoni biroz burishgan g‘adir-budir, pastki tomoni ingichka chalkash tukli. Ildizoldi va poyaning pastki qismidagi barglari bandli, lirasimon. Poyaning o‘rta qismidagi barglar pastidagi barglariga o‘xshash, lekin bandsiz, poyaning yuqorisidagi barglari maydaroq, deyarli butun, qalami. Savatchasi yakka, ko‘p gulli. Sirtqi va o‘rtadagi o‘rama barglari nashtarsimon, ustki tomonidagilari to‘q yashil. Toji pushti-qirmizi, tashqi tomoni bezchali. Urug‘i teskari piramida simon, silliq. Iyun–iyul oylarida gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari: Hisor va Zarafshon tizmasining g‘arbiy qismida tarqalgan (Qizilsuv, Egrisuv, To‘palang suv havzalari, Taxta-Qoracha dovoni).
O‘sish sharoiti: Tog‘ning o‘rta qismidagi ohaktoshli va toshli surilmalarda o‘sadi.
Soni: Kam tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Hisor davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [105, 159, 331].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009