Otostegia bucharica B. Fedtsch.
Maqomi: 1. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloyning juda kam saqlanib qolgan, yo‘qolish arafasida turgan kamyob endemik o‘simligi.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 120 sm ga yetadigan kulrang poyasi yuqori qismigacha yog‘ochlanadigan yarim buta. Bir yillik novdalari noaniq to‘rt qirrali, sarg‘ish-oq rangli, tukli. Barglari keng tuxumsimon, bandsiz, to‘mtoq, ko‘kimtir-yashil rangli, hurpaygan qalin tukli. Gullari bandsiz, barg qo‘ltig‘ida 5–8 tadan halqa hosil qilib joylashgan. Guloldi bargchalari kuraksimon. Tojbarglari 10– 14 mm uzunlikda, oq rangli. Iyun–avgust oylarida gullab, mevasi sentyabr–oktyabrda yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Sho‘rob, Darband va Go‘rxoji qishloqlari atroflarida birbirdan ajralgan ikkita populyatsiyasi maʼlum.
O‘sish sharoiti: Tog‘ oldi va tog‘ etaklarida gipsli tepaliklarda, gipsli qoyalarda, baʼzan gipsli ohaktoshlarda o‘sadi.
Soni: Sho‘rob va Darband atroflaridagi populyatsiyada tuplar soni 1800 dan oshmaydi. Go‘rxojidagi populyatsiyada 3000 atrofidagi tuplar o‘sishi aniqlangan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi. Ammo keyingi tadqiqotlar davomida urug‘idan ko‘paygan yosh tuplari qayd etilmagan.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining ko‘plab boqilishi hamda o‘simlik urug‘iga turli hasharotlarning zarar keltirishi o‘simlikning kamayishiga sabab bo‘lmoqda.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stirish ishlari natija bermadi.
Muhofaza choralari: U o‘sib turgan joylarda buyurtmaxona tashkil qilish lozim. Manbalar. [14, 15, 80, 159].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009