Cousinia butkovii Tscherneva et Vved.
Maqomi: 1. Zarafshon tizmasidagi kamyob tur.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 40 sm ga yetadigan poyasi yo‘l-yo‘l chiziqli (jo‘yakli), qalin tukli, serbarg, asosidan shoxlanuvchan, yakka kallakli, ikki yillik o‘t. Barglari yashil rangli, ustki va pastki tomoni chalkash tukli, qirrasi tikansimon tishli. Yopirma hamda poyaning pastki qismidagi barglari qisqa bandli, patsimon bo‘lingan. Poyaning o‘rta qismidagi barglari cho‘ziq, chetlari bo‘lakli, yuqori qismidagilari esa yumaloq, poyani yarim qamrab turadi, uchi qattiq, tikanli. Savatchasi yassi-yumaloq (diametri 2,5–3,5 sm), ko‘p gulli. O‘rama barglari ko‘p, dag‘al. Toji pushti rangli. Urug‘i cho‘ziq tuxumsimon. May–iyul oylarida gullab, mevasi iyul–avgustlarda yetiladi.
Tarqalishi: Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari: Zarafshon tizmasi (Urgut qishlog‘i atroflari, Samarqand tog‘lari, Oqsoy qishlog‘i atrofi)da tarqalgan. Tojikistonda ham uchraydi.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta va pastki qismlaridagi jarliklar, surilmalar hamda shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda juda kam uchraydi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining haddan tashqari ko‘p boqilishi va xashak uchun o‘rib olinishi sabab bo‘lmoqda.
Madaniylashtirilishi: Aniq maʼlumot yo‘q.
Muhofaza choralari: Kitob davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [321, 324, 325, 327]. F. O‘. Hasanov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009