Calispepla aegacanthoides Vved.
Maqomi: 1. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloyda yo‘qolib ketish arafasida turgan endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20–40 sm, yillik poyalari tikansimon, yotiq oqish tuklar bilan qoplangan yostiqsimon yarim buta. Barglari uch bo‘lakli, yonbargsiz, pastdagisi bandli, yuqoridagilari deyarli bandsiz. Guli sariq. Dukkagi nishli-chiziqli, o‘tkir uchli, qalin, yotiq tukli. May–iyun oylarida gullab, mevasi iyulda yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Boysun tog‘idagi Machaydaryo havzasida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi yuzasi ochilib qolgan ola tusli tuproqlarda, nuragan toshli yonbag‘irlarda va siyrak archazorlarda o‘sadi.
Soni: O‘simlik o‘sgan maydonlar uchta joyda borligi aniqlangan. 2009 yildagi izlanishlar o‘simlik populyatsiyasining Darband qishlog‘idan 8–10 km yuqoridagi tog‘li hududlarda saqlanib qolganligini ko‘rsatdi. O‘simlikning mazkur populyatsiyasida tuplar soni 500 ta atrofida.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: To‘liq o‘rganilmagan. Antropogen omillar taʼsirida tarqalish maydonlari qisqarib borayotganligi kuzatilmoqda.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 1982 yili tabiatdan olib kelib o‘tqazilgan ikki tup o‘simlik qurib qolgan. 2009 yilda Botanika bog‘iga o‘simlikning tuplari qayta ekilgan. Ammo bu urinish ham natija bermagan.
Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [56, 169, 294].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009