← Shirachdoshlar
Albert shirachi
Shirachdoshlar
Yangi

Albert shirachi

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Eremurus alberti Regel

Maqomi: 2. O‘zbekistonda kam uchraydigan tur.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 25–80 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Ildizpoyasi qisqargan, panjasimon, bo‘laklari urchuqsimon yo‘g‘onlashgan, qalinligi 7–10 mm. Barglari keng qalami, tashqi tomonidagilarining kengligi 1,5–2 sm.Shingillari siyrak, ko‘p gulli, uzunligi 10–50 sm. Guloldi bargchalari yirik, uchburchak nashtarsimon. To‘pgulining pastidagi gulbandlari gulqo‘rg‘onidan 2–2,5 marta uzun. Gulqo‘rg‘on bargchalari bir tomirli, oqish-qizg‘ish rangli, asosiga qarab cho‘zilgan. Changchilari gulqo‘rg‘onidan 1,5 marta qisqa. Ko‘sakchasi yumaloq, uch uyali, silliq, eni 2–2,5 sm. Aprelda gullab, mevasi may oyida yetiladi.

Tarqalishi: Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari: Bobotog‘, Sherobod vodiysida, Dehqonobod shahri atroflarida tarqalgan. Tojikiston, Afg‘onistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 900–1200 m balandlikda past tog‘lardagi ola jinslarda o‘sadi.

Soni: Tabiatda juda kam tarqalgan, baʼzan 2–3 ta tupi birgalikda uchraydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Gullash davrida ko‘p miqdorda guldastalar uchun uzib olinishi natijasida kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 1960 yildan buyon o‘stiriladi.

Muhofaza choralari: Tabiatda o‘sib turgan tuplari nazorat ostiga olinishi lozim. Manbalar. [261, 279–282, 358].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009