Astragalus belolipovii Kamelin ex F.O. Khass.et N. Sulejm.
Maqomi: 1. Shimoliy Pomir-Oloydagi kamyob tur.
Qisqacha tavsifi: Poyasiz o‘tsimon o‘simlik, bo‘yi 30–40 sm. Barglari tikansiz, uzunligi 20–30 sm. 15–20 juft oq tukli bargchalari yonatrofiga yoyilib tushgan. Gulbandi gulidan uzun. Gulpopuklari momiq, 15–20 ta guldan iborat, uzunligi 10–15 sm. Kosachasining pastki qismi ko‘k, dastlab naysimon bo‘lib, keyinroq pufaksimonga aylanadi, oq tukli, uzunligi 12–15 mm, tishchalarining uzunligi 2–4 mm. Bayroqchasi yashilsimon-to‘q qizil rangli, uzunligi 25–30 mm, uchi dumaloq aylana shaklida o‘yilgan, qanotchasi 25–30 mm uzunlikda, qayiqchasidan sal uzun. Dukkagi nomaʼlum.
Tarqalishi: Faqat Turkiston tizmasidagi Qulsoy darasida o‘sishi aniqlangan (Jizzax viloyati, Zomin qo‘riqxonasi).
O‘sish sharoiti: Tog‘larning markaziy qismidagi archazorlarda o‘sadi.
Soni: Aniqlanmagan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: I. V. Belolipov tomonidan O‘zR FA Botanika bog‘ida ekib o‘stirilgan.
Muhofaza choralari: Zomin davlat qo‘riqxonasida muhofaza etiladi. Manbalar. [312].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009