“Yashil makon” yangicha: “3-30-300” qoidasi joriy etiladi, mahallalarda mikroo‘rmonlar barpo qilinadi
Oʻzbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi yangi tartibda davom etadi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining xabar berishicha, 23-sentabrda imzolangan Prezident farmoni bilan shahar va tumanlarni ko‘kalamzorlashtirishda “3-30-300” xalqaro qoidasi joriy etiladi.
Qoida uchta sondan iborat. Har bir kishi uyi, ish joyi yoki maktabi binosidan kamida 3 ta daraxtni ko‘ra olishi kerak. Aholi yashaydigan hududning kamida 30 foizi yashil hududga aylantiriladi. Uydan 300 metr masofada esa maydoni kamida yarim gektar bo‘lgan yashil hudud bo‘lishi lozim. Bu g‘oyani 2021-yilda shahar o‘rmonlari bo‘yicha mutaxassis Sesil Konijnendijk ilgari surgan, bugun undan Antverpen, Afina, Gamburg, Myunxen va Vashington kabi shaharlarda foydalaniladi.
Farmonga ko‘ra, 2030-yilgacha yashil bog‘lar va jamoat parklari soni 1023 taga yetkaziladi, shundan 257 tasi shu yilning kuzida barpo etiladi. Har bir tuman va shaharda umumiy uzunligi kamida 10 kilometr bo‘lgan kamida beshta soyali sayr ko‘chasi paydo bo‘ladi.
Yer kam bo‘lgan mahallalarda, ko‘p qavatli uylar oralig‘ida, maktab va bog‘cha hovlilarida mikroo‘rmonlar tashkil etiladi: 200–1000 kvadrat metrli maydonning har bir kvadrat metriga kamida ikkitadan daraxt va buta ko‘chati zich qilib ekiladi. Mahallalarga o‘rmonchi-murabbiylar biriktirilib, ular aholiga ko‘chat ekish, sug‘orish, mulchalash va kompost tayyorlashni o‘rgatadi.
Kuzgi ekish mavsumi hududlar iqlimiga qarab boshlanadi: 1-noyabrdan Qoraqalpog‘iston va Xorazmda, 5-noyabrdan Buxoro va Navoiy viloyatlarida, 10-noyabrdan Toshkent shahri hamda Andijon, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida, 20-noyabrdan Surxondaryo va Qashqadaryoda.
Shuningdek, tajriba tariqasida “Yashil AI” yordamchisi ishga tushiriladi: u tuproq, suv taʼminoti va iqlim maʼlumotlari asosida qayerga qaysi daraxtni ekish maʼqulligini tavsiya qiladi.
Manba: gov.uz, “3-30-300” qoidasi haqida
