Nurota qo‘riqxonasida fotoqopqon Qizilqum arxarlarini suratga oldi

29.09.2026 Manba: gov.uz
Nurota qo‘riqxonasida fotoqopqon Qizilqum arxarlarini suratga oldi

Navoiy viloyatidagi Nurota davlat qo‘riqxonasida o‘rnatilgan fotoqopqon — harakatni sezganda o‘zi suratga oladigan kamera — Qizilqum arxarlarini tasvirga tushirdi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

O‘tgan asrning 60–70-yillarida Nurota tizmasida bu hayvondan atigi 60–70 bosh qolgan edi. 1975-yilda qo‘riqxona tashkil etilib, arxarlar muhofazaga olingach, populyatsiya asta-sekin tiklana boshladi. Qo‘mita maʼlumotiga ko‘ra, 2026-yil bahorida o‘tkazilgan sanoqda 2130 bosh arxar hisobga olingan.

Qizilqum arxari — tog‘ qo‘yining kenja turi. U Oʻzbekiston Qizil kitobiga, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil ro‘yxatiga va CITES konvensiyasining II ilovasiga kiritilgan. Hozir Nurota va Oqtog‘ tizmalarida, Tomditog‘da hamda Turkiston tizmasida uchraydi, dengiz sathidan 500–2000 metr balandlikdagi tog‘ yonbag‘irlarida yashaydi.

Bu hayvon haqida saytimizning Qizil kitob bo‘limida batafsil o‘qish mumkin.

Manba: gov.uz

Orqaga