Oʻzbekistonda ilk bor turkman uzunquloq ko‘rshapalagi qayd etildi
Qoraqalpog‘istondagi “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘ida shu paytgacha Oʻzbekiston faunasida qayd etilmagan ko‘rshapalak turi topildi. Uni Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti olimlari xorijlik hamkasblari bilan birga o‘tkazgan ekspeditsiya chog‘ida aniqladi.
Bu — turkman uzunquloq ko‘rshapalagi (lotincha nomi Plecotus turkmenicus). U Markaziy Osiyoda tarqalgan, juda kam uchraydigan va kam o‘rganilgan tur. Olimlar u haqida shu vaqtgacha faqat 1970-yilgacha to‘plangan maʼlumotlar va muzeylarda saqlanayotgan namunalar orqali bilishgan: so‘nggi 55 yil ichida bu ko‘rshapalak tabiatda deyarli uchramagan.
Uzunquloq ko‘rshapalaklar nomini quloqlaridan olgan: ularning qulog‘i deyarli tanasining uzunligiga teng. Katta quloqlar tunda ovga chiqqan hayvonga o‘zi chiqargan tovushning aks-sadosini va hasharotlarning shitirlashini eshitishga yordam beradi. Bu ko‘rshapalaklar kechasi faol bo‘ladi va hasharotlar bilan oziqlanadi.
Tadqiqot Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) amalga oshirayotgan “One Health in Nature Conservation” (“Tabiatni muhofaza qilishda yagona salomatlik”) loyihasi doirasida o‘tkazildi. Loyihani Germaniya Atrof-muhit vazirligining Xalqaro iqlim tashabbusi (IKI) moliyalashtiradi.
Oʻzbekistonda yashaydigan boshqa noyob ko‘rshapalaklar haqida saytimizning Qizil kitob bo‘limida o‘qish mumkin, masalan, “Oq qorinli oʼq quloq” va “Kichik taqaburun”.
Manba: O‘zA. Rasm: O‘zA
