Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

Toshkentda bo‘sh idish topshirib pul olish mumkin bo‘lgan fandomat o‘rnatildi

24.09.2026 Manba: gazeta.uz
Toshkentda bo‘sh idish topshirib pul olish mumkin bo‘lgan fandomat o‘rnatildi

Toshkentda Ekologiya vazirligi binosi oldida fandomat – bo‘sh ichimlik idishlarini qabul qilib, evaziga pul beradigan qurilma o‘rnatildi. U plastik, shisha va alyumin idishlarni qabul qiladi va har bir idish uchun 150 so‘m to‘laydi. Asosiy shart: idish bo‘sh, pachoqlanmagan va hajmi uch litrdan oshmagan bo‘lishi kerak.

Qurilmadan foydalanish oson. Avval to‘lov ilovasidagi fandomatlar bo‘limi orqali qurilma ekranidagi QR-kod skanerlanadi, so‘ngra idish maxsus teshikka joylanadi. Keyin foydalanuvchi ikki tugmadan birini tanlaydi: “To‘lov qilish” bosilsa, pul elektron hamyonga tushadi, “Xayriya qilish” tanlansa, mablag‘ “Yashil makon” loyihasiga yo‘naltiriladi.

Fandomat ichida plastik, shisha va alyumin idishlar uchun uchta alohida konteyner bor. Plastik va alyumin idishlar presslanadi, har bir konteynerga 20 mingdan ortiq idish sig‘adi. Yig‘ilgan xomashyo tender orqali sotiladi va tushgan mablag‘dan idish topshirganlarga to‘lov qilinadi. Chiqindilarni boshqarish agentligi mutaxassisi Sardorbek Nabiyevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha chiqindilarni saralab yig‘ish va qayta ishlanadigan materiallarni iqtisodiyotga qaytarishga, yaʼni sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Loyiha Norvegiyaning TOMRA kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu kompaniya 1972-yilda dunyoda birinchi fandomatni ishlab chiqargan. Hozircha bunday qurilmalar Toshkentda va Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida bittadan o‘rnatilgan. Tajriba muvaffaqiyatli bo‘lsa, fandomatlar butun respublika bo‘ylab aholi gavjum joylarga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Manba: gazeta.uz

Orqaga