Qo‘riqxona va milliy bog‘lar virtual reallik uchun tasvirga olindi

12.10.2026 Manba: gov.uz
Qo‘riqxona va milliy bog‘lar virtual reallik uchun tasvirga olindi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufidagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda foto va videotasvirga olish ishlari o‘tkazildi. To‘plangan materiallar asosida virtual reallik (VR) formatidagi videolar tayyorlanadi.

Tasvirga olish Zomin milliy tabiat bog‘i va Zomin davlat qo‘riqxonasi, Zarafshon milliy tabiat bog‘i, Hisor va Surxon davlat qo‘riqxonalari, Buxorodagi “Jayron” ixtisoslashtirilgan pitomnigi, Janubiy Ustyurt, Sudoche-Akpetki va “Saygachiy” hududlarida o‘tdi. Nefrit ko‘li va Orol dengizi manzaralari ham suratga olindi.

Har bir hududda uning o‘ziga xos landshafti, suv havzalari, o‘simlik va hayvonot dunyosi aks etgan 5–6 tadan foto va videomaterial tayyorlandi. VR-videoni maxsus ko‘zoynak orqali tomosha qilgan kishi o‘zini qo‘riqxona ichida turgandek his qiladi.

Qo‘mita bu materiallardan ekologik-maʼrifiy tadbirlarda, taqdimotlarda va qo‘riqxonalar faoliyatini yoritishda foydalanishni rejalashtirmoqda. Oʻzbekiston qo‘riqxonalari va milliy bog‘lari haqida saytimizning “Tabiatga sayohat” bo‘limida o‘qish mumkin.

Manba: gov.uz. Rasm: Zomin davlat qo‘riqxonasi, EcoEdu “Tabiatga sayohat” bo‘limidan

Orqaga