Ustyurtda sayg‘oqlar uchun quyosh energiyasida ishlaydigan beshta suv ichish joyi qurildi
Qoraqalpog‘istondagi “Saygachiy” kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi. Ishlar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikdagi “Aral Sea Wetlands” loyihasi doirasida bajarildi.
Tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Har birida 3 kub metr sig‘imli suv havzasi, nasos, datchiklar va hisoblagichlar bor. Shu tufayli ularni elektr tarmog‘i yoki suv quvuriga ulash shart emas — suv cho‘lning o‘rtasida ham uzluksiz yetkazib beriladi.
Suv ichish joylari yoniga 10 ta kamera va 10 ta fotoqopqon o‘rnatildi. Ular hayvonlarni kecha-yu kunduz kuzatish, ularning harakati va suv manbalaridan qanday foydalanishini qayd etish imkonini beradi. To‘plangan maʼlumotlar populyatsiya holatini baholashda asqotadi.
Ustyurt cho‘lida suv juda kam, shu bois qo‘shimcha suv manbalari sayg‘oq va boshqa cho‘l hayvonlarining omon qolishi uchun muhim. Sayg‘oq Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan; u haqda saytimizning Qizil kitob bo‘limida o‘qishingiz mumkin.
Manba: gov.uz
