Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

Toshkentda IUCN Qizil ro‘yxati bo‘yicha birinchi milliy o‘quv kursi o‘tkazildi

06.06.2025 Manba: iucn.org
Toshkentda IUCN Qizil ro‘yxati bo‘yicha birinchi milliy o‘quv kursi o‘tkazildi

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Botanika instituti Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) bilan hamkorlikda IUCN Qizil ro‘yxati toifalari va mezonlarini qo‘llash bo‘yicha ilk milliy o‘quv kursini tashkil etdi. Unda butun mamlakatdan kelgan olimlar, tadqiqotchilar va tabiatni muhofaza qilish mutaxassislari qatnashdi.

Tadbir IUCN Toshkentda Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi ofisini ochganidan bir kun o‘tib bo‘lib o‘tdi. IUCN Bosh direktori Grethel Agilar Qizil ro‘yxat yo‘qolib ketish xavfini kuzatish va tabiatni muhofaza qilish choralarini yo‘naltirishdagi eng kuchli vositalardan biri ekanini taʼkidladi.

Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdikulova maʼlumotiga ko‘ra, Oʻzbekiston 2021-yilda IUCNga aʼzo bo‘lganidan buyon mahalliy olimlar saʼyi bilan 28 ta noyob o‘simlik turi IUCN Qizil ro‘yxatiga kiritilgan.

Oʻquv kursi qatnashchilari xavf ostidagi o‘simlik va hayvon turlarini aniqlash hamda ularning holatini xalqaro tan olingan mezonlar asosida baholashni o‘rgandi. Bu milliy Qizil kitobni yuritish jarayonini takomillashtirish va ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish uchun muhim.

Oʻzbekiston cho‘l, dasht va tog‘ ekotizimlarida uchraydigan ko‘plab endemik va noyob turlarga ega. Endemik tur — faqat maʼlum bir hududda uchraydigan, dunyoning boshqa joyida tabiiy holda yashamaydigan tur demakdir.

Manba: iucn.org

Orqaga