Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

Toshkentda Markaziy Osiyodagi eng yirik ekologik ko‘rgazma — Eco Expo Central Asia 2025 bo‘lib o‘tdi

21.06.2025 Manba: fao.org

Toshkentdagi «Central Asian Expo» (CAEx) ko‘rgazma majmuasida Markaziy Osiyodagi eng yirik xalqaro ekologik ko‘rgazma — Eco Expo Central Asia 2025 o‘z eshiklarini ochdi. Uch kunlik tadbir mintaqada ilg‘or ekologik texnologiyalar, amaliyotlar va yechimlar almashinuvi uchun maydon bo‘ldi.

Ko‘rgazma dunyoning yetakchi ekspertlari, ekologlar, tadbirkorlar va faollarni bir joyga to‘pladi. Uning maqsadlaridan biri aholining ekologik muammolar haqidagi xabardorligini oshirish va eng yaxshi tajribalarni o‘rtoqlashishdir.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ko‘rgazmada Oʻzbekistonda ekologik barqarorlik va yashil qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash mavzusida alohida tadbirlar o‘tkazdi. Birinchi kuni xavfli kimyoviy moddalarni xavfsiz boshqarish, Yevropa va Markaziy Osiyoda yashil qishloq xo‘jaligini rivojlantirish tajribasi hamda «aqlli» dehqonchilik texnologiyalari haqida so‘zlab berildi.

Ikkinchi kuni FAOning Oʻzbekistondagi loyihalari taqdim etildi. Ular qatorida pestitsidlardan foydalanishni kamaytirish, tuproqni asrovchi dehqonchilik usullarini joriy etish, yerlar tanazzuliga qarshi kurashish va tuproq unumdorligini oshirish, tog‘ va vodiy hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish loyihalari bor.

Ko‘rgazma mintaqada barqaror rivojlanish va ekologik innovatsiyalar sohasidagi muhim qadam bo‘ldi. Uning dasturiga iqlim moliyasi, yashil energetika, suv resurslarini boshqarish, aylanma iqtisodiyot va ekologik taʼlim kabi mavzular kiritilgan edi.

Manba: fao.org

Orqaga