Oʻzbekiston va Xitoy Toshkentda Markaziy Osiyo ekologiya tadqiqot markazini tashkil etadi
Oʻzbekiston va Xitoy Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhit tadqiqot markazini tashkil etishga kelishib oldi. Markazning bosh qarorgohi Toshkentda joylashadi. Bu haqda Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va Xitoy Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Xe Xunpin uchrashuvida kelishildi.
Uchrashuvda atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va barqaror rivojlanish sohalaridagi hamkorlik muhokama qilindi. Tomonlar 2024-yil yanvarida imzolangan atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo bitimni amalga oshirishni davom ettirishga kelishdi.
Muhokama qilingan loyihalar orasida Arnasoy, Karmana, Muborak, Qorako‘l va Nukus tumanlarida sho‘rga chidamli o‘simliklar — galofitlar bog‘larini barpo etish, Oʻrmon xo‘jaligi agentligiga 1,4 tonna urug‘ yetkazib berish va ifloslanishni raqamli kuzatish tizimlarini joriy etish bor. Xitoy tomoni «Yashil makon» loyihasiga ham ekspert yordami berishga vaʼda qildi.
Ekologiya vazirligi va Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon ekologiya va geografiya instituti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, yangi markaz Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti — «Yashil universitet» qoshida faoliyat yuritadi.
Markaz ilmiy tadqiqotlar, mutaxassislar tayyorlash, texnologiyalar almashinuvi va barqaror amaliyotlarni targ‘ib qilish bo‘yicha mintaqaviy maydonga aylanishi kutilmoqda. Ekologiya fanlariga qiziquvchi yoshlar uchun bu yangi imkoniyatlar ochadi.
Manba: daryo.uz
