Oʻzbekiston 2030-yilgacha 1,27 million gektar maydonda o‘rmon barpo etishni rejalashtirmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Taqdimotda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq yangi o‘rmonzorlar barpo etilgan. “Yashil makon” loyihasi doirasida esa mamlakat bo‘ylab 1 milliarddan ortiq daraxt va buta ko‘chati ekilgan, ko‘kalamzorlik darajasi 2020-yildagi 8 foizdan 2025-yilda 14,3 foizga yetgan.
2026–2030-yillarda 1,27 million gektar maydonda o‘rmonlarni barpo etish va tiklash, cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarida 16 ming gektar himoya o‘rmonzorlarini yaratish taklif qilinmoqda. Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar yashil qoplama, Sirdaryo viloyatining chegaraoldi hududlarida 84 kilometrlik “yashil devor” barpo etish, tog‘larda daraxtlarni terassa usulida ekish rejalashtirilgan.
Prezident cho‘l hududlarini nafaqat muammo, balki yangi iqtisodiy imkoniyat sifatida ko‘rish kerakligini taʼkidladi. Shu maqsadda cho‘l o‘simliklari urug‘chiligi va ko‘chatxonalarini tashkil etish, sho‘rga chidamli galofit o‘simliklarni yetishtirish, yaylovlar hosildorligini oshirish, chorvachilik va ekoturizmni rivojlantirish taklif etildi. Bobotog‘ hududida pista plantatsiyalari yaratish, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar urug‘larining mintaqaviy bankini tuzish ham ko‘zda tutilgan.
Takliflarning bir qismi mintaqaviy hamkorlikka bag‘ishlangan. Cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha Markaziy Osiyo ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini kengaytirish va 2040-yilgacha mo‘ljallangan mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Manba: gazeta.uz
