Oʻzbekistonda yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi hayvonlarni ovlash taqiqlanadi
30-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining hayvonot dunyosi yo‘qotishlarini qoplash hamda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlarni himoya qilishga oid 343-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan 2028-yil 1-yanvargacha maxsus ro‘yxatga kiritilgan kamyob yovvoyi hayvonlarni ovlash taqiqlanadi. Bu turlar uchun ov kvotalari ham ajratilmaydi.
Taqiq fermalar, pitomniklar va baliqchilik xo‘jaliklarida boqilayotgan hayvonlarga, shuningdek, ilmiy va tibbiy maqsadlardagi ovga tatbiq etilmaydi. Ovchilar uchun esa muqobil mashg‘ulot taklif qilinmoqda: 1-avgustdan boshlab maxsus poligonlarda o‘q otish sporti bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Qaror suv havzalaridagi baliqlarni tiklashga ham qaratilgan. 2026–2030-yillarda viloyatlarning markaziy shaharlaridan oqib o‘tadigan daryo va soylarga har yili kamida 15 tonna baliq chavoqlari qo‘yib yuboriladi. Qaysi turlarni ko‘paytirish kerakligini Ekologiya qo‘mitasi Fanlar akademiyasi va Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda aniqlaydi. Xarajatlar Ekologiya jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga brakonerlik va noqonuniy ovga qarshi nazoratni kuchaytirish, qaror mazmunini aholiga keng tushuntirish vazifasi yuklatildi. Bu choralar noyob hayvonlar sonini tiklash va tabiat muvozanatini saqlashga xizmat qiladi.
Manba: gazeta.uz
