“Green Samarkand”: 2030-yilgacha Samarqandda jamoat transporti to‘liq elektrga o‘tkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandni ekologik barqaror va iqlim o‘zgarishiga moslashgan “yashil shahar”ga aylantirishni ko‘zda tutuvchi Green Samarkand modeli bilan tanishdi. Loyiha 2030-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan. Uning maqsadlari qatorida atmosferaga 51,2 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldini olish, havodagi PM2,5 va PM10 zarrachalarini 50 foizga kamaytirish, qurilishdan chiqadigan changni 80 foizga qisqartirish bor.
Transport sohasida katta o‘zgarishlar kutilmoqda. 50 ta katta sig‘imli elektrobus xarid qilinadi, 150 ta yangi svetofor o‘rnatiladi, 2030-yilgacha esa jamoat transporti va taksilar to‘liq elektr transportiga o‘tkaziladi. Shahar markaziga shaxsiy avtomobillar kirishini bosqichma-bosqich cheklash, piyodalar uchun turistik zonalar va Park & Ride avtoturargohlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Yangi binolar uchun “yashil qurilish” talablari majburiy bo‘ladi: energiya va suvni tejash, chiqindilarni saralash va qayta ishlash talab etiladi. Ekologik talablarga javob bermaydigan obyektlar foydalanishga topshirilmaydi. Chiqindi poligonlari hajmini ikki baravar kamaytirish, aholi punktlarida yashil hududlar ulushini o‘rtacha 30 foizga yetkazish ham ko‘zda tutilgan.
Shaharda kamida to‘rtta sunʼiy ko‘l va suv havzasi, 10 ta yangi favvora quriladi, umumiy uzunligi 319 kilometr bo‘lgan ariqlar tizimi tiklanadi. Yangi katta halqa yo‘li bo‘ylab uzunligi 102,7 kilometr, maydoni 3532 gektar bo‘lgan yashil belbog‘ barpo etiladi. U changni kamaytirib, havo haroratini pasaytirishga yordam beradi. Loyihani muvofiqlashtirish uchun “Yashil Samarqand” loyiha ofisi tashkil etiladi.
Manba: gazeta.uz
