Pseudoclausia sarawschanica (Regel et Schmalh.) Botsch.
Maqomi: 2. O‘zbekistonning janubi-g‘arbiy mintaqasiga xos kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 60–70 sm ga yetadigan oddiy, uzun hamda bezchasimon tuklar bilan qoplangan bir yoki ikki yillik o‘t. Yakka poyali, tubidan shoxlangan. Barglari to‘mtoq, cho‘ziq, patsimon bo‘lakli. Gullari och binafsha rangli. Qo‘zog‘i tuksiz yoki tukli, yetilganda tasbehsimon. Aprel–may oylarida gullab, meva beradi.
Tarqalishi: Jizzax, Navoiy va Samarqand viloyatlari: Nurota, Oqtog‘ tizmalarida, Zirabuloq tog‘larida hamda Zarafshon daryosi vodiysidagi past tog‘larda uchraydi.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning pastki va o‘rta qismlarida shag‘alli va mayda tuproqli joylarda, shuvoq, buta va yarim butalar orasida o‘sadi.
Soni: Tabiatda yakka-yakka holda yoki 2–10 tadan to‘p-to‘p bo‘lib uchraydi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining ko‘plab boqilishi va urug‘ining yaxshi unib chiqmasligi sababli kamayib bormoqda.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Nurota davlat qo‘riqxonasida muhofaza etiladi. Manbalar. [37, 159, 228].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009