Lepidium olgae (R.M. Vinogr.) Al-Shehbaz et Mumm.
Maqomi: 2. Nurota tizmasining kamyob endemik turi.
Qisqacha tavsifi: Ko‘p yillik o‘t o‘simlik, ildizpoyasi tik, yo‘g‘onlashgan. Poyasi 30–70 sm balandlikda, tuksiz, ancha yo‘g‘on, yuqori qismi shoxlangan. Barglari tuksiz, kulrang, etli. Ildiz bo‘g‘zidagi barglari yirik, keng tuxumsimon yoki deyarli yumaloq, pastki qismi toraygan, keng qanotchali bandga ega. Poyadagi barglari tuxumsimon, bandsiz, sekin - asta kichrayib boradi. Gullari ko‘p gulli o‘simlikning tepa qismidagi shingillarda murakkab ro‘vak hosil qilib o‘rnashgan. Gultoji oq, uzunligi 8–9 mm. Kosachabarglaridan 2 baravar uzun. Qo‘zoqchasi ochilmaydigan, teskari tuxumsimon, uzunligi 16–20 mm, eni 8–10 mm, sal qabariqli, pishganlari osilib turadi, uzun va qayrilgan meva-bandida o‘rnashgan. Aprel va mayning boshlarida gullab, mevasi may–iyunda yetiladi.
Tarqalishi: Jizzax viloyati: Nurota tog‘ tizmasining markaziy qismida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tosh-chag‘irtoshli, toshli-mayda chag‘irtoshli tog‘larning o‘rta qismidagi shimoliy va g‘arbiy yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda juda kam, tarqoq holda bir necha tupdan to o‘nlab o‘simlikkacha tarkib bo‘lgan kichikkichik populyatsiyalar uchraydi. Umumiy soni 1000 tupga yaqin.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘simliklarning kichik maydonlarda o‘sishi, sharoitga uncha moslashmaganligi, mahalliy aholi tomonidan ildizpoyalarining kavlab olinib, dorivor mahsulot sifatida ishlatilishi tufayli kamayib ketgan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Nurota qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [64, 159, 289].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009