← Karamdoshlar
Qurama parriyasi
Karamdoshlar
Yangi

Qurama parriyasi

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Parrya kuramensis Botsch.

Maqomi: 1. G‘arbiy Tyan-Shanda uchraydigan kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 25 sm gacha yetadigan poyasiz, kaudeksi ko‘p boshchali, ko‘p yillik o‘simlik. Barglari ildiz bo‘g‘zida to‘p bo‘lib o‘rnashgan, oddiy, keng bandli, bezchasimon qalin tuklar bilan qoplangan, o‘tkir uchli, yaproqchalari yirik tishli. Gulpoyasi tik, uzunligi 15–18 sm, bargsiz, bezchasimon tukli. Gullari binafsha rangli. Qo‘zog‘i uzunchoq, yassi, tik, tuksiz, bo‘g‘im oraliqlari biroz ingichkalashgan. Urug‘i ellipssimon, bir qator o‘rnashgan. Iyunda gullab, mevasi iyulda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent va Namangan viloyatlari: Qurama tizmasidagi Qamchiq dovonida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 2200–2300 m balandlikda, siyrak archazorlar orasida, shag‘alli tik yonbag‘irlarda o‘sadi. Ochiq, shimoli-sharqiy yonbag‘irlar ularning o‘sishi uchun qulay joy hisoblanadi.

Soni: Yakka-yakka holda yoki 3–5 tupdan iborat holda o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Qamchiq dovoni atrofida mollar boqiladigan yerlarda o‘sganligi tufayli oyoqosti bo‘lib, kamayib ketgan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Tabiatda va madaniy sharoitda o‘stirib, turning biologik xususiyatlarini o‘rganish lozim. Manbalar. [36, 159].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009