← Karamdoshlar
Yuraksimon torol
Karamdoshlar
Yangi

Yuraksimon torol

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Lepidium subcordatum Botsch. et Vved.

Maqomi: 2. Qizilqum va Ustyurtda tarqalgan kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 40 sm gacha yetadigan, poyalari ko‘p boshchali, ko‘p yillik o‘t. Ildiz bo‘g‘izi to‘kilib ketgan eski barg bandlarining pardali qoldiqlari bilan o‘ralgan. Poyalari 2–3 ta va undan ham ko‘proq, tuksiz, shoxlangan. Barglari qalin tukli, poyaning asosida o‘rnashganlari ko‘p, teskari tuxumsimon, to‘mtoq, yirik tishli yoki patsimon bo‘lingan, bandiga qarab ingichkalashib boradi. Gullagan paytida shingili tig‘iz, mevalash davriga borib siyraklashadi. Kosacha barglari yumaloq, to‘mtoq, tashqi tomoni tukli. Tojbarglari oq rangli. Mevasi tuxumsimon qo‘zoq shaklida. Urug‘i mayda, qo‘ng‘ir rangli. Aprel–may oylarida gullab, mevasi may–iyunda yetiladi.

Tarqalishi: Qoraqalpog‘iston, Navoiy va Buxoro viloyatlari: Qizilqumdagi qoldiq tog‘lar (Quljuqtog‘, Bo‘kantog‘ va Sultonuvays)da tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Qoldiq tog‘lardagi ola jinsli, shag‘alli va qumli tuproqlarda tarqalgan.

Soni: Maʼlum emas. Yakka-yakka va 3–5 tupdan iborat to‘plar hosil qilib o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘simlik urug‘lagan vaqtda chorva mollarining ko‘plab boqilishi unga ayniqsa jiddiy shikast yetkazadi.

Madaniylashtirilishi: Cho‘l yaylovlari unumdorligini oshirish maqsadida ko‘p yillik, sershira yemxashak o‘simliklari yetishtirishni ko‘paytirish O‘zR FA Qizilqumdagi tajriba stansiya sida ekib o‘stirilmoqda.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [64, 159].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009