← Karamdoshlar
Vinkler spriginiyasi
Karamdoshlar
Yangi

Vinkler spriginiyasi

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Spryginia winklerii (Regel) Popov

Maqomi: 1. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloydagi juda kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bir yillik tuksiz o‘t. Poyasi oddiy, uzunligi 10–40 sm. Barglari etli, butun, bandli, cho‘ziq-lansetsimon, o‘tkir qirrali. Kosachabarglari cho‘ziq-chiziqli, binafsharang, yuqori chetlari oqish pardali, uzunligi 7–10 mm. Gulbarglari qirmizi-binafsha rangda bo‘lib, kosachabarglardan 2–2,5 marta uzun, uzun bandli. Mevabandining uzunligi 5 mm. Qo‘zoqchalari cho‘ziq, yassi, o‘roqsimon egilgan, uzunligi 4–8 sm, eni 2 mm, kalta tumshuqchasi tomon ingichkalashgan. Mart–aprel oyida gullab, mevasi may oyida yetiladi.

Tarqalishi: Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatida.

O‘sish sharoiti: Kul rang, bo‘z tuproqlarda o‘sadi.

Soni: Oqtosh atrofidagi tepaliklarda bu turning 200 ga yaqin tupi saqlanib qolgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Tog‘ etaklarining qishloq xo‘jaligi uchun o‘zlashtirilishi va chorva mollarining ko‘plab boqilishi tufayli kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [38]. K. Sh. Tojibayev.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009