Iris winkleri Regel
Maqomi: 2. G‘arbiy Tyan-Shanga xos juda kamyob, areali bo‘lingan tur.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20 sm gacha yetadigan ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozining qobig‘i qora, qog‘ozsimon. Ildizoldi barglari 4 ta, chiziqli, eni 1–2 mm, o‘roqsimon egilgan. Guli yakka, gulqo‘rg‘oni barglarining uzunligi 4 sm atrofida, binafsha rangli. Aprel–may oylarida gullab, meva beradi.
Tarqalishi: Toshkent va Namangan viloyatlari: Chotqol va Qurama tizmalari – Angren daryosining yuqori oqimida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning yuqori qismidagi maysazorlarda o‘sadi.
Soni: 15 ta joyda o‘sishi aniqlangan. Umumiy soni haqida maʼlumotlar yo‘q.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Bu turning kamyobligi sababi, uning muayyan tuproq va iqlim sharoitiga moslashganligida bo‘lsa kerak.
Madaniylashtirilishi: Bu haqda maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Areali va sonini aniqlash lozim. Manbalar. [159, 170].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009