← Gulsafsardoshlar
Antiqa gulsafsar
Gulsafsardoshlar
Yangi

Antiqa gulsafsar

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Iris magnifica (Vved.) Vved. F. O. Khass.& Rakhimova

Maqomi: 2. Zarafshon tizmasida o‘suvchi juda kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 25–40 sm ga yetadigan ko‘p yillik piyozli o‘t. Ildizi yo‘g‘on, urchuqsimon, piyozi yaxshi rivojlangan. Poyasi yo‘g‘on, barglari bir-biridan muayyan oraliqda joylashgan, o‘roqsimon, och yashil rangli, yaltiroq, pastki qismidagi barglarining eni 3,5–5 sm. Gullari 3–7 ta. Gulqo‘rg‘on nayining uzunligi 4,5–5 sm, yashil-binafsha rangli, ichki gulqo‘rg‘oni bargchalari och binafsha rangli, uzunligi 22–27 mm. Changdonlari oqish. Urug‘i yirik, g‘adir-budur, yaltiroq. Aprel–may oylari gullab, mevasi iyunda yetiladi.

Tarqalishi: Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari: Zarafshon tizmasining g‘arbiy qismi va Omonqo‘ton dovonida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning pastki qismidagi mayda tuproqli yerlarda va qoyalarning yoriqlarida o‘sadi.

Soni: Kichik-kichik tuplar hosil qilib o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Gullari va piyozlarining yig‘ib olinishi sababli kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stirilmoqda. Madaniy sharoitda gullab, urug‘ bermoqda.

Muhofaza choralari: O‘simlik o‘sadigan ayrim hududlar Kitob davlat qo‘riqxonasi tomonidan muhofazaga olingan. Omonqo‘ton dovoni hududida o‘simlik muhofazasini tashkil qilish va populyatsiya monitoringini yuritish lozim. Manbalar. [53, 59, 283, 366]. N. K. Rahimova.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009