Iris orchioides Carrière
Maqomi: 3. G‘arbiy Tyan-Shanning kamyob endemik o‘simligi.
Qisqacha tavsifi: Ildizi urchuqsimon shaklda biroz yo‘g‘onlashib ketgan ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozi 1,5–2,5 sm qalinlikda. Poyasi 15–25 sm uzunlikda, bir-biridan muayyan oraliqda joylashgan barglari och yashil tusda, o‘roqsimon, cheti oq hoshiyali, biroz dag‘alroq. Gullari (1) 3–5 ta, och sariq tusda, gullash davri nihoyasida binafsharang tus oladi. Tashqi gulbargchalari 3,5–4,5 sm, och-sariq. Ichki gulbargchalari 1–1,5 sm, yaproqlari uchli. Aprel oyida gullab meva beradi.
Tarqalishi: Toshkent viloyati: Qurama (Ohangaron daryosi havzasi), Chotqol (Odamtosh, So‘qoq, Chotqol biosfera qo‘riqxonasi, Chimyon), Qorjontov (Oqtosh), Piskom (Oygaying, Maydontol havzasida uchraydi) tizmalarida tarqalgan. O‘zbekistondan tashqarida: Qozog‘iston (Sariog‘och, Jilg‘a, Darboza, Sirdaryo Qoratog‘i) va Tojikistonda (Mo‘g‘ultog‘) tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Adir va tog‘ mintaqalarining toshli-shag‘alli yonbag‘irliklarida o‘sadi.
Soni: Aniqlanmagan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘i va boshqa mamlakatlarning botanika bog‘larida o‘stirib kelinmoqda.
Muhofaza choralari: Chotqol biosfera qo‘riqxonasida va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza qilinadi. Manbalar. [53, 59, 283, 366] N. K. Rahimova.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009