← Sho‘radoshlar
Titov sho‘ragi
Sho‘radoshlar
Yangi

Titov sho‘ragi

Maqomi 3 — Kamyob

Salsola titovii Botsch.

Maqomi: 3. Pomir-Oloy va G‘arbiy Tyan-Shanga xos relikt, endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 50 sm ga yetadigan yarim-buta. Bir yillik novdalari 20 sm ga yetadi, ingichka, qalin tuklar bilan qoplangan. Barglari ketma-ket joylashgan, qalami, uzunligi 0,3–1,5 sm, eni 0,5–1 mm, qalin kulrang tuklar bilan qoplangan. To‘pguli boshoqsimon, siyrak gulli. Gullari ko‘rimsiz, gulqo‘rg‘on bo‘laklari va changchilari 5 tadan. Mevasi yetilgach, gulqo‘rg‘on bo‘laklarida qanotchalar paydo bo‘ladi. Mevasi yotiq joylashgan. Iyun–oktyabr oylarida gullab, urug‘laydi.

Tarqalishi: Toshkent, Samarqand viloyatlari: G‘arbiy Tyan-Shanda–Chotqol va Qurama tizmalarida, Pomir-Oloyda (Gobduntog‘, Omonqo‘tonda) tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta va pastki qismida, tosh-shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Yakka-yakka holda yoki to‘p-to‘p bo‘lib o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollari boqilishidan zarar ko‘radi.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Chotqol qo‘riqxonasi va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘i hududida muhofaza qilinadi. O‘simlik saqlanib qolgan yerlarni nazorat ostiga olish va botanika bog‘larida ekib o‘stirish lozim. Manbalar. [35, 156–159, 249]. O‘. P. Pratov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009