← Loladoshlar
Sarg‘ish lola
Loladoshlar
Yangi

Sarg‘ish lola

Maqomi 3 — Kamyob

Tulipa dasystemon (Regel) Regel

Maqomi: 3. G‘arbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloydagi areali ajralgan kamyob tur.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 10–20 sm ga yetadigan ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozi tuxumsimon, diametri 1,5 sm gacha. Qobig‘i qog‘ozsimon, qora-qo‘ng‘ir tusli yoki qo‘ng‘ir, ichki tomonining yuqori qismi yotiq tukli. Bargi 2–3 ta. Guli yakka, och sariq, baʼzan oq, tubi sariq. Changchi ipi va changdoni sariq. May–iyun oylarida gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.

Tarqalishi: Piskom, Ugom, Chimyon, Chotqol, Qurama, Oloy, Turkiston, Molguzar, Hisor tizmalarida tarqalgan (Toshkent, Farg‘ona, Jizzax, Surxondaryo viloyatlari). Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 2500–3000 m balandlikdagi toshli va shag‘alli tog‘ yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Kichik to‘plar hosil qilib yoki yakka-yakka holda tarqalgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan va piyozidan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Urug‘ining yomon unishi va chorva mollarining boqilishi arealining qisqarib ketishiga sabab bo‘lgan.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 1959 yildan buyon ekib o‘stiriladi.

Muhofaza choralari: Chotqol va Zomin qo‘riqxonalarida, Ugom-Chotqol va Zomin milliy tabiat bog‘larida muhofaza qilinadi. Bu o‘simlik o‘sadigan joyda mol boqilishini rejalashtirish va uni nazorat ostiga olish kerak. Manbalar. [50, 60, 291].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009