Tulipa orithyioides Vved.
Maqomi: 1. G‘arbiy Pomir-Oloydagi yo‘qolish arafasida turgan kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 7–12 sm ga yetadigan ko‘p yillik, piyozli o‘simlik. Piyozi tuxumsimon, diametri 1,5 sm, qobig‘i qog‘ozsimon, qo‘ng‘ir kulrang, ichki tomoni to‘rsimon momiq tukli. Barglari 2 ta, yaqin joylashgan, egri-bugri. Gullari yakka, oq, tubi sariq. Changchi iplari sariq, ostki qismi uzun kipriksimon tukli. Changdoni xira binafsha rangli. May–iyun oylarida gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.
Tarqalishi: Hisor tizmasi (Cho‘lbayir tog‘i, To‘palang va Obi-Zarang daryolari havzasi) da tarqalgan (Surxondaryo viloyati).
O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 2500–3000 m balandlikda tosh-shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda yakka-yakka holda tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan va piyozidan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Gullari uzib olinishi hamda chorva mollari boqilishi oqibatida kamayib bormoqda. 1980 yili qidirib topish uchun uyushtirilgan tadqiqot ishlari ijobiy natija bermagan.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 1975 yildan buyon ekib o‘stirilmoqda.
Muhofaza choralari: Tabiatda saqlanib qolgan tuplarini nazorat ostiga olish lozim. Manbalar. [50, 60, 291].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009