Climacoptera ptiloptera U.P.Pratov
Maqomi: 2. Ustyurtda tarqalgan kamyob endemik tur.
Qisqacha tavsifi: Bir yillik o‘t, bo‘yi 40–50 sm, qisqa, to‘g‘ri, chalkash va uzun qalin tukli. Shox va barglari navbat bilan joylashgan. Poyadagi barglari seret, ingichka qalami, uchi to‘mtoq, uzunligi 12 mm, eni 1,5 mm, gulyonbargchalari va gulqo‘rg‘onidan uzun. Gulqo‘rg‘oni 5 bo‘lakli, uzunligi 4,7 mm, eni 11 mm, mevasi yetilganda o‘rtasidan sal pastrog‘ida usti tukli qanotchalar paydo bo‘ladi. Changchisi 5 ta, changdonining uchida pufaksimon bo‘rtmasi bor. Urug‘i tekis o‘rnashgan. Mevasi oktyabr oyida yetiladi.
Tarqalishi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi: Ustyurt va sharqiy chinkda tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Sho‘rlangan, kulrang-qo‘ng‘ir tuproqlarda o‘sadi.
Soni: Siyrak tarqalgan. Soni aniqlanmagan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva boqilishi va tuproqning sho‘rligi tufayli kamayib ketgan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [59, 253]. O‘. P. Pratov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009