← Chinniguldoshlar
O‘zbekiston chinniguli
Chinniguldoshlar
Yangi

O‘zbekiston chinniguli

Maqomi 3 — Kamyob

Dianthus uzbekistanicus Lincz.

Maqomi: 3. Pomir-Oloyning g‘arbiy qismidagi kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 40 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyalari ko‘p, oddiy, baʼzan yuqori qismidan shoxlangan, tuksiz, pastki qismi g‘adirbudir, uzunligi 20–35 sm. Barglari ko‘kimtiryashil, o‘tkir uchli. Gullari yakka-yakka, asosi qalin tukli, pushti rangli. Mevasi – ko‘sakcha, ko‘p urug‘li. May oyida gullab, mevasi iyunda yetiladi.

Tarqalishi: Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari: Zarafshon tizmasi (Taxta Qoracha dovoni, Qizilolma va Tarag‘ay qishloqlari atroflari) va Hisor tizmasi (Bog‘cha qishlog‘i atrofi)da tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tosh-shag‘alli joylarda, tosh va ohaktosh siniqlari va yoriqlari orasida o‘sadi.

Soni: Bir gektar yerda 40–100 tagacha tupdan iborat to‘plar hosil qiladi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Gullari guldastalar uchun uzib olinadi. Chorva mollari isteʼmol qiladi.

Madaniylashtirilishi: 1965 yildan boshlab O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stiriladi.

Muhofaza choralari: Ayrim populyatsiyalari Kitob davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Gullari yulinishining oldi olinishi lozim. Shuningdek, urug‘i yetilib, tarqalishi uchun gullagan va mevalagan paytida chorva mollari boqishni cheklash tavsiya etiladi. Manbalar. [23, 159].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009