Acanthophyllum albidum Schischk.
Maqomi: 3. Farg‘ona vodiysi adirlarida saqlanib qolgan juda kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Balandligi 30 sm ga yetadigan, yog‘ochlanuvchi yarim buta. Barglari bigizsimon, poyada qarama-qarshi joylashgan, uzunligi 2–4 sm, eni 1,5 sm. Gullari poyalarining uchida, diametri 5 sm ga yetadigan qalqonsimon to‘pgul hosil qilib joylashgan. Kosachasi naysimon, uzunligi 6–7 mm. Tojbarglari oq, asosi sal pushti rang, eni 1,5 mm.
Tarqalishi: Farg‘ona, Namangan viloyatlari: Farg‘ona vodiysida dengiz sathidan 500–800 m balandlikda tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Toshli va mayda zarra jins tuproqli adirlarda o‘sadi.
Soni: Pop adirlari (Chodaksoy havzasi)da yakka-yakka holda tarqalgan, 10 m2 da o‘rtacha 3–4 tupi o‘sadi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Oqtikan o‘sib turgan yerlarning qishloq xo‘jalik ekinlari (g‘alla va boshqalar) uchun o‘zlashtirilishi arealining qisqarib ketishiga sabab bo‘ldi.
Madaniylashtirilishi: Bu tur O‘zR FA Botanika bog‘ida madaniy sharoitda ekib o‘stirilgan. Urug‘ining unib chiqishi 1 foizdan kam ekanligi aniqlangan.
Muhofaza choralari: Mavjud tuplari qatʼiy nazorat ostiga olinishi kerak. Manbalar. [21, 347].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009