Acanthophyllum cyrtostegium Vved.
Maqomi: 3. Qizilqumdagi qoldiq tepaliklarda saqlanib qolgan kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20–30 sm ga yetadigan, poyasining pastki qismi yog‘ochlanuvchi, ko‘p poyali yarimbuta. Barglari ignasimon, uch qirrali, tikanli. Guloldi bargchalari deyarli qalami, tikanli, asosi bo‘rtiqli. Gullari uchtadan poyaning uchidagi qubbasimon to‘pgulda, uzun gulbandlarda o‘rnashgan. Kosachasi silindrsimon. Tojbargi 15–16 mm uzunlikda, pushti rangli. Tugunchasi 4 urug‘ kurtakli. May oyida gullab, mevasi iyunda yetiladi.
Tarqalishi: Buxoro, Navoiy viloyatlari: Qizilqumdagi qoldiq tog‘lar (Quljuqtog‘, Ovminza tog‘i, Qing‘irtog‘ va Ko‘kchatog‘)da tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Qumlarda, tosh-qumli yerlarda va ola jinslarda o‘sadi.
Soni: Siyrak holda tarqalgan, baʼzan qumoq yerlarda 3–5 o‘simlikdan tashkil topgan kichik to‘plar hosil qilib o‘sadi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Yosh nihollarini chorva mollari tepkilab tashlaydi.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘i tajriba dalasida 1979–1989 yillari o‘stirilgan.
Muhofaza choralari: Mavjud o‘simlik to‘plarini nazorat ostiga olish va yosh nihollarini chorva mollaridan muhofaza qilish lozim. Manbalar. [21].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009