Allochrusa gypsophiloides (Regel) Schischk.
Maqomi: 3. Markaziy Osiyo tog‘laridagi areali keskin qisqarib borayotgan endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 30–60 sm orasidagi ko‘p yillik o‘t. Poyasi ingichka, ko‘p. Barglari 10–25 mm uzunlikda, yassi, qalami, tikansiz. Gullari pushti rang, poyaning tepasida yoyiq ro‘vaksimon to‘pgul hosil qiladi. Mevasi – ko‘saksimon. May–avgust oylarida gullab, mevasi avgust–sentyabrda yetiladi.
Tarqalishi: Toshkent, Namangan, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari: Qurama, Chotqol, Molguzar, Nurota, Hisor, Ko‘hitang tizmalarida tarqalgan. Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda ham uchraydi.
O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 400–1400 m balandlikda toshli va shag‘alli yonbag‘irlarda va baʼzan tashlandiq yerlarda o‘sadi.
Soni: Yakka-yakka holda yoki kichik to‘plar hosil qilib o‘sadi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Mahalliy aholi tomonidan sanoat xomashyosi va dorivor o‘simlik sifatida ko‘plab yig‘ib olinadi. Yetmakdan to‘qimachilik, mo‘ynachilik, qandolatchilik sanoatida, tabobatda va kundalik hayotda keng foydalaniladi. Shuning uchun u kamayib bormoqda.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stiriladi.
Muhofaza choralari: Surxon, Kitob, Chotqol qo‘riqxonalari va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza qilinadi. Sanoat ehtiyoji uchun ekiladigan maydonlarni kengaytirish kerak. Tabiatda yetmakzorlar tiklanganidan so‘ng ham uni masʼul idoralar ijozati bilan yig‘ish lozim. Manbalar. [21]. F. O‘. Hasanov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009