Gladiolus italicus Mill.
Maqomi: 3. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloyga xos kamyob tur.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 80 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Barglari qilichsimon, uzunligi 18–20 sm, o‘tkir uchli, kam tomirli. To‘pguli boshoqsimon, 6–8 gulli (baʼzan 10 tagacha). Guloldi barglari nashtarsimon, gullari tik, gulqo‘rg‘oni pushti rangli. Mevasi yumaloqtuxumsimon ko‘sak shaklida, uzunligi 1 sm gacha. Tugunak piyozchasi tuxumsimon, qo‘ng‘ir rangli qobiq bilan o‘ralgan. Iyun oyida gullab, mevasi iyulda yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo va Surxondaryo viloyati: Hisor, Boysuntog‘ va Ko‘hitang tizmalari da tarqalgan. Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘onistonda, shuningdek, O‘rta Yer dengizi mamlakatlarida ham uchraydi.
O‘sish sharoiti: Buloqlar atrofida, soz va yumshoq tuproqli yonbag‘irlarda va tog‘ daryolari bo‘ylaridagi yaylovlar hamda butazorlarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda yakka-yakka yoki to‘p-to‘p bo‘lib o‘sadi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Gullari guldastalar uchun terib olinishi va yosh nihollarining oyoqosti qilinishi tufayli kamayib bormoqda.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stirilmoqda.
Muhofaza choralari: Surxon va Kitob davlat qo‘riqxonalarida muhofaza etiladi. Manbalar. [156–159, 335]. O. T. Turginov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009