← Loladoshlar
Kaufman lolasi, Targ‘il lola
Loladoshlar
Yangi

Kaufman lolasi, Targ‘il lola

Maqomi 3 — Kamyob

Tulipa kaufmanniana Regel

Maqomi: 3. G‘arbiy Tyan-Shandagi kamayib borayotgan endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 10–50 sm orasidagi ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozi tuxumsimon, cho‘ziq yoki sholg‘omsimon, diametri 1,5–6 sm oralig‘ida. Qobig‘i to‘q qo‘ng‘ir yoki tillarang qo‘ng‘ir, nafis, qog‘ozsimon yupqa. Barglari 3–5 ta. Guli yakka, oq, sariq, och sariq, och qizil. Gulining tubi sariq. Changchi iplari va changdonlari sariq. Mart–aprel oylarida gullab, mevasi may–iyunda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent va Namangan viloyatlari: Ugom, Piskom, Qorjontov, Chotqol, Qurama tizmalarida tarqalgan. O‘zbekistondan tashqarida: Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston.

O‘sish sharoiti: Tog‘ etaklaridan to yuqori (yaylovning pastki) qismigacha bo‘lgan toshli yerlarda o‘sadi.

Soni: Yakka-yakka yoki kichik tuplar hosil qilib o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan va vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Gullarining ko‘p miqdorda terib olinishi hamda o‘sib turgan yerlarining o‘zlashtirilishi tufayli kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 1951 yildan buyon ekib o‘stiriladi.

Muhofaza choralari: Chotqol biosfera qo‘riqxonasida va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza qilinadi. Tabiatdagi tuplarining holatini nazorat qilish, gullarini terishni taqiqlash, ular orasidan manzarali shakllarini ajratib olish va ekib o‘stirish zarur. Manbalar. [40, 50, 60, 291]. A. H. Sharipov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009