← G‘ovzabondoshlar
Nurota moviyguli
G‘ovzabondoshlar
Yangi

Nurota moviyguli

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Lappula nurativica Nabiev et Zakirov

Maqomi: 2. Nurota tog‘ida uchraydigan kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 30–40 sm, bir yillik o‘t. Ildizoldi barglari ko‘p va qalin, keng nashtarsimon, uzunligi 3–6 sm, eni 3–5 mm, chiziqli poyasining uzunligi 1,5 sm, kulrang tukli. Mevalayotgan gajak to‘pguli 10–15 sm uzunlikda, ro‘vaksimon zich joylashgan. Meva bandi to‘g‘ri yoki biroz orqaga qayrilgan, 2–3 mm uzunlikda. Mevalardagi to‘mtoq kosacha bo‘laklari meva asosiga yopishgan. Gultoji havorang. Yong‘oqchasi tez to‘kiluvchan, cho‘ziqroq, gardishida mayda tikanli bo‘rtmachalari bor. Ustunchasi pishib yetilgan yong‘oqchalar orasida butunlay ko‘rinmaydi. Iyun–iyul oylarida gullaydi va mevalaydi.

Tarqalishi: Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlari: Nurota tizmasida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning pastki va o‘rta qismida toshli-shag‘alli yonbag‘irlarda va qoyalarda o‘sadi.

Soni: Juda kam miqdordagi to‘plari birbiridan uzoq bo‘lgan kichik maydonlarni egallaydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining muttasil boqilishi o‘simlik ko‘payishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Nurota davlat qo‘riqxonasida o‘sadi. Manbalar. [24, 201. 209, 246 ].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009