← G‘ovzabondoshlar
Buxoro g‘ichmolasi
G‘ovzabondoshlar
Yangi

Buxoro g‘ichmolasi

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Heliotropium bucharicum B. Fedtsch.

Maqomi: 1. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloyga xos, soni qisqarib borayotgan, endemik tur.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20–50 sm, bir yillik o‘simlik. Poyasi tik, qalin oq tukli. Barglari bandsiz yoki qisqa bandli, yumaloq-tuxumsimon, uzunligi va eni 3–5 sm atrofida, oq momiq tukli, asosi yumaloq yoki yuraksimon. Gajak to‘pguli bir tomonga qayrilgan, gullari juft yoki 3–4 tadan iborat, ikki uyali, 2–6 sm uzunlikda, mevalaganda yana ham uzayadi, oq qalin tuklar bilan qoplangan. Gulkosachasi qalin tukli, uzunligi 3 mm atrofida, kosacha bo‘laklari to‘mtoq. Guli sariq. Ustunchasi qisqa va tuksiz. Tumshuqchasi konus-bigizsimon, ustunchadan 2–3 marta uzun. Yong‘oqchasi silliq, tuksiz, cho‘ziq, 1–5 mm uzunlikda. May– iyunda gullab, iyul–avgustda mevalaydi.

Tarqalishi: Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari: Hisor tog‘larining janubi-g‘arbiy qismida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tub jinsli, ola tusli hamda gipsli tuproqlarda o‘sadi.

Soni: Aniqlanmagan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Asosan tub jinsli va ola tusli tuproq qatlamlaridagina o‘sishi bu o‘simlik turining tarqalishini cheklaydi.

Madaniylashtirilishi: Bu haqda maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza yo‘llari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [265, 310]. O. Q. Hojimatov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009