← G‘ovzabondoshlar
Oqtog‘ moviyguli
G‘ovzabondoshlar
Yangi

Oqtog‘ moviyguli

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Lappula aktaviensis Popov et Zakirov

Maqomi: 1. Janubi-g‘arbiy Qizilqumdagi qoldiq tog‘larda o‘sadigan endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 30 sm, tik o‘suvchi, poyasining yuqori qismi ro‘vaksimon shoxlangan ikki yillik o‘t. Ildizoldi barglari keng kuraksimon, urug‘lash vaqtida qurib qoladi. Poyadagi barglari keng chiziqli, poyasi kabi kulrang dag‘al tuklar bilan qoplangan. Mevalayotgan gajak to‘pguli zich ro‘vaksimon, 3–5 sm uzunlikda, meva bandi va kosachasi kulrang. Guli havorang, qayrilma qismi yassi. Yong‘oqchasi cho‘ziq, 2,5–3 mm uzunlikda, usti mayda tikanli bo‘rtmalar bilan qoplangan. Ustunchasi deyarli ko‘rinmaydi. Ginofori (urug‘doni) ochiq holda ko‘rinib turadi. Aprel va may oylarida gullab meva beradi.

Tarqalishi: Navoiy viloyati: Janubig‘arbiy Qizilqumdagi Oqtog‘ va Bo‘kantog‘ qoldiq tog‘larida uchraydi.

O‘sish sharoiti: Toshli-shag‘alli yonbag‘irlardagi qoyatoshlar orasida va ola tusli asosiy tuproqlarda o‘sadi.

Soni: Aniqlanmagan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining muttasil boqilishi o‘simlik sonining ko‘payishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.

Madaniylashtirilishi: Bu haqda maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [24, 201, 209, 246]. O. Q. Hojimatov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009