Rindera fornicata Pazij
Maqomi: 2. G‘arbiy Tyan-Shanning o‘ta kamyob endemik turi.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 60 sm, poyasining yuqori qismi tarvaqaylab shoxlangan ko‘p yillik o‘t. Poyadagi barglari bandsiz, 4–9 mm uzunlikda, chetlari va uch qismi siyrak kipriksimon tukli. To‘pguli g‘ovak-ro‘vaksimon, gulli shoxchalari qisqa, yuqori qismidagi zich gajak guli sertuk, gulbandi 5–7 mm uzunlikda. Kosachasi chalkash tukli, qirrali pirpiraklari tojnaychasidan kalta. Guli sarg‘ish-havorang, 13–16 mm uzunlikda, naychasi sarg‘ish 7–10 mm uzunlikda, toj bo‘laklari to‘g‘ri, cho‘ziq chiziqli. Ustunchasi uzun, sershox. Yong‘oqchasi tuxumsimon, gardishi silliq, tuksiz. Yon qirralari mayda tishli, uchida langarsimon tikanchalari bor. May–iyun oylarida gullaydi va mevalaydi.
Tarqalishi: Toshkent viloyati: Chotqol tizmasida So‘qoq daryosi vodiysida (Miskonsoy); Qurama tizmasida To‘qmoq dovoni, Abjaz soyining yuqori qismida; Ugom tizmasida, Maydontol daryosi havzasida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi qoyatosh yoriqlarida o‘sadi.
Soni: Aniqlanmagan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining muttasil boqilishi o‘simlikning ko‘payishiga salbiy taʼsir etgan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: O‘simlik o‘sayotgan joylar Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘i hududida qo‘riqlanadi. Manbalar. [175, 211]. O. Q. Hojimatov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009