Lappula parvula Nabiev et Zakirov
Maqomi: 2. O‘zbekistonning shimolida tarqalgan, areali qisqarib borayotgan endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 10–15 sm, poyasi oddiy yoki biroz shoxlangan bir yillik o‘t. Barglari uchli nashtarsimon yoki cho‘ziqroq nishli, dag‘al tuklar bilan qoplangan, asosan, poyasining pastki qismida joylashgan. To‘pguli siyrak mevali, 2–3 sm uzunlikda, meva bandi uzunroq (pastkilari 1,5 sm gacha boradi), asosan, pastga qayrilgan. Kosachasi 1–2 mm uzunlikda. Tojbargi ko‘k, 2–3 mm uzunlikda, egilgan qismi nozik qo‘ng‘iroqsimon. Mevasi piramida shaklidagi 2,5–3 mm li yong‘oqchalardan iborat. Yong‘oqchalaridan 1 mm ko‘tarilib turuvchi ustunchalari bor. Aprelda gullab, may oyida mevalaydi
Tarqalishi: Qoraqalpog‘istondagi Sulton Uvays tog‘ida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘ etaklarida, qumloq tuproqlarda o‘sadi.
Soni: Juda kamyob, kichik-kichik to‘plari ondasonda uchraydi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining muttasil boqilishi o‘simlik ko‘payishiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Madaniylashtirilishi: Bu haqda maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [24, 201. 209, 246]. O. Q. Hojimatov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009