← Karmakdoshlar
Margarita kirpio‘ti
Karmakdoshlar
Yangi

Margarita kirpio‘ti

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Acantholimon margaritae Korovin et Lincz.

Maqomi: 2. Qurama tizmasiga mansub kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Diametri 25–50 sm orasidagi buta. Yer usti qismi yarim sharsimon g‘ovak yostiqcha hosil qiladi. Barglari yashil, deyarli tekis, uzun bigizsimon, uzunligi 2–4 sm, eni 1–2 mm. Gulpoyasining uzunligi 10–15 sm. Boshoqchasi yakka-yakka joylashgan gullardan tashkil topgan. Kosachasi qirmizi, tojbargi pushtirang. Iyul–avgust oylarida gullab, mevasi sentyabr–oktyabrda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent viloyati: Qurama tizmasida Ohangaron daryosining chap tomonida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tog‘ning o‘rta qismidagi archazorlarda, qoyalarda, toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Butun areali bo‘ylab sanoqli darajada o‘sadi va juda kam uchraydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Tabiatda juda kam tarqalgan. Tuplarining holati va soni maxsus o‘rganilmagan.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 1963 yildan boshlab o‘stirib kelinmoqda. Ekilgandan so‘ng ikkinchi yili gullab, urug‘ bergan, bog‘ sharoitida urug‘idan ko‘payishi kuzatilmagan. Sakkiz-to‘qqiz yildan so‘ng tabiiy quriy boshlagan va 15-yilga kelib barchasi qurib ketgan.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [11, 177, 178].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009