← Karmakdoshlar
Deyarli sulisimon kirpio‘ti
Karmakdoshlar
Yangi

Deyarli sulisimon kirpio‘ti

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Acantholimon subavenaceum Lincz.

Maqomi: 2. Nurota tizmasidagi kamyob endemik tur.

Qisqacha tavsifi: Diametri 30–40 sm gacha yetadigan, yarimshar shaklidagi tikanli yostiqsimon yarim buta. Barglari yashil, yassi uch qirrali, ensiz qalami – bigizsimon, uzunligi 1,5–2,5 sm, eni esa 1 mm ga yaqin, juda qisqa tukli. Gulpoyasi bargidan uzun, bo‘yi 10–15 sm, tuksiz, oddiy yoki kamshox. Gullari siyrak boshoqsimon to‘pgul hosil qiladi. Boshoqchalar 1 gulli. Gulyonbargchali tuksiz. Kosachasi siyrak tukli, pushti rangli, qirmizi tomirli, gultoji ham pushti rangli. Iyulda gullab, mevasi avgust–sentyabr oylarida yetiladi.

Tarqalishi: Samarqand va Navoiy viloyatlari: Nurota tizmasining markaziy qismida tarqalgan (Sentobsoy, Ustuksoy).

O‘sish sharoiti: Tog‘ning o‘rta qismidagi toshli, quruq yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Tabiatda kichik maydonda (taxminan 20–25 km2) tarqalgan. Yakka holda, baʼzan kichik to‘p bo‘lib uchraydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘simlikning umumiy soni va to‘plarining holati maxsus o‘rganilmagan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumot yo‘q.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Nurota qo‘riqxonasidagi himoya maydonida o‘sadi. Manbalar. [11, 177, 178].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009