Lomatocarpa korovinii Pimenov
Maqomi: 1. G‘arbiy Tyan-Shanning kamyob endemik o‘simligi.
Qisqacha tavsifi: Ko‘p yillik polikarp o‘t o‘simlik. Ko‘p sonli poyalari bargsiz, 5–15 (20) sm uzunlikda, tuksiz. Barglarining hammasi ildizoldi barglaridan iborat, ko‘p sonli, bandli, tuksiz, uzunligi 5–10 sm, eni 1–2 sm, yaproqlari 2 karra patsimon qirqilgan; uchidagi bo‘laklari ovalsimon yoki tuxumsimon, 3–4 mm uzunlikda, tishchalari bor. Soyabonlari 3–10 shuʼlali, o‘rama barg va bargchalari 5–6 ta lansetsimon yaproqlardan tashkil topgan. Soyabonchasi 10 gulli. Kosachasi tishchalari tuxumsimon. Gultoji oq, tuxumsimon, 15 mm uzunlikda. Mevasi tuxumsimon, uzunligi 4 mm, eni 3–4 mm. Iyun–iyulda gullab, iyul–avgustda mevalaydi.
Tarqalishi: Toshkent va Namangan viloyatlari: Piskom, Ugom, Chotqol, Qurama tizmalari. O‘zbekistondan tashqarida: Qirg‘iziston, Qozog‘iston.
O‘sish sharoiti: Baland tog‘larning shag‘alli yonbag‘irliklarida o‘sadi (3000–3600 m).
Soni: Kichik to‘plar holida o‘sadi. Boshqizilsoy yuqori qismi (Qo‘rg‘ontosh va Qizilnura cho‘qqilarining atroflari) o‘simlik dominantligidagi kichik jamoalar qayd qilingan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining benihoya ko‘p boqilishi.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Chotqol biosfera qo‘riqxonasida va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza qilinadi. Manbalar. [236].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009