Crambe gordjaginii Sprygin et Popov
Maqomi: 1. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloydagi juda kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 50–70 sm ga yetadigan, ko‘p poyali, poyasining asosi hurpaygan, dag‘al tukli, ko‘p yillik o‘t. Poyasining ostki qismidagi barglari uzun bandli, turli darajada o‘yilgan, tuxumsimon yoki lirasimon, kichik bo‘laklarga ajralgan. To‘pgullari ro‘vaksimon, uzun shoxchali. Gullari to‘q sariq rangli. Qo‘zoqchasining yuqori bo‘g‘imi ellipssimon, silliq. Aprel oyida gullab, mevasi may oyida yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari: G‘uzor, To‘dadasht, Gulchadasht atrofidagi tepaliklarda tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Efemer, efemeroidlar orasida, shag‘alli va gipsli qizil tuproqlarda o‘sadi.
Soni: G‘uzor atrofidagi tepaliklarda bu turning mingga yaqin tuplari saqlanib qolgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Tog‘ etaklarining qishloq xo‘jaligi uchun o‘zlashtirilishi va chorva mollarining ko‘plab boqilishi tufayli kamayib bormoqda.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stirish uchun qilingan harakat natijasiz tugadi.
Muhofaza choralari: Alohida muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [131, 336].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009