Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

Olim: Markaziy Osiyo muzliklari qisqarmoqda, Paxtakor muzligi 30 yilda chorak qismini yo‘qotdi

23.09.2026 Manba: gazeta.uz
Olim: Markaziy Osiyo muzliklari qisqarmoqda, Paxtakor muzligi 30 yilda chorak qismini yo‘qotdi

Toshkentda Markaziy Osiyo tabiiy resurslarini iqlim o‘zgarishiga moslashtirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Uni Green University huzuridagi Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etdi. Germaniya geofanlar tadqiqot markazi ilmiy xodimi Abror Gʻofurov o‘z maʼruzasida mintaqa muzliklari bilan nima sodir bo‘layotgani haqida so‘zlab berdi.

Olim Pomir va Tyan-Shan tog‘larini Markaziy Osiyoning “suv minoralari” deb atadi. Mintaqaning asosiy daryolari aynan shu yerdan boshlanadi. Yozning eng issiq oylarida, dalalar suvga eng ko‘p muhtoj bo‘lganda, daryolarni asosan eriyotgan qor va muzliklar to‘ldiradi. Ammo iqlim o‘zgarishi sababli bu tizim o‘zgarmoqda: qor qoplami kamaymoqda, muzliklar erimoqda.

Misol sifatida Qashqadaryo viloyatidagi Oygaing va Mingchuqur baland tog‘ meteostansiyalarining ko‘p yillik kuzatuvlari keltirildi. Ularda harorat barqaror ko‘tarilayotgani, yog‘in miqdori deyarli o‘zgarmagani, qor qalinligi esa muttasil kamayayotgani qayd etilgan. Sunʼiy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, 1993–2023-yillarda Paxtakor muzligining maydoni qariyb 25 foizga qisqargan.

Tadqiqotchilar Norin, Qoradaryo va Zarafshon daryolari havzalari uchun 2100-yilgacha bo‘lgan modellarni ishlab chiqqan. Barcha havzalarda harorat ko‘tarilishi kutilmoqda. Qoradaryo havzasida muzliklar 2023-yilga kelib allaqachon yo‘qolgan, Norin havzasida jadal erish kuzatilmoqda, Zarafshon havzasida esa bu jarayon biroz sekinroq. Olim muzliklar erishidan hosil bo‘layotgan ko‘llar tog‘li hududlar aholisi uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini ham taʼkidladi.

Manba: gazeta.uz

Orqaga