Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

Toshkent havosini yaxshilash bo‘yicha shoshilinch choralar to‘g‘risida farmon imzolandi

25.11.2025 Manba: gazeta.uz
Toshkent havosini yaxshilash bo‘yicha shoshilinch choralar to‘g‘risida farmon imzolandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha shoshilinch choralar to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bunga qadar bir hafta davomida poytaxt havosi xavfli darajada ifloslangan edi.

Farmon bilan Ekologiya milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida maxsus komissiya tuzildi. U vaziyatni doimiy kuzatib, yomonlashish tendensiyalarini oldindan baholaydi va keskin holatlarda shoshilinch choralar ko‘radi. Komissiya qarorlari barcha tashkilot va fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi.

Barcha qurilish maydonlariga havo sifatini kuzatuvchi stansiyalar o‘rnatiladi. Yoz va kuz mavsumlarida daraxt va butalar haftasiga kamida uch marta sug‘oriladi, poytaxtda uch oy ichida 12 ta yangi sunʼiy ko‘l ochiladi, favvoralar soni kamida ikki baravar ko‘paytiriladi. Toshkent atrofidagi issiqxonalar tabiiy gazga ulanadi, chiqindi va ifloslantiruvchi yoqilg‘i yoqqan issiqxonalar davlat tomonidan olib qo‘yilishi mumkin.

Mamlakatdagi barcha monitoring stansiyalarini birlashtiruvchi «Air Monitoring Uzbekistan» tarmog‘i yaratiladi. Havo sifatining yashil, sariq, qizil va jigarrang darajalaridan iborat rangli ko‘rsatkichlari va har bir daraja uchun sog‘liqni saqlash tavsiyalari ishlab chiqiladi, erta ogohlantirish tizimi ishga tushiriladi.

Shuningdek, Kichik halqa yo‘li bo‘ylab 33 kilometrlik «Yashil yo‘lak» barpo etiladi, «Yashil Toshkent» bosh rejasi tayyorlanadi, 700 ta chorrahaga transport harakatini boshqaruvchi aqlli tizimlar o‘rnatiladi. Uy uchun havo tozalagichlar importi bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi.

Manba: gazeta.uz

Orqaga